Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sifati indeksi: ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi va daromad hisobga olinadi, eng yaxshi 20 ta OTM 500 mln so‘mdan oladi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sifati indeksi: ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi va daromad hisobga olinadi, eng yaxshi 20 ta OTM 500 mln so‘mdan oladi

O‘zbekistonda bitiruvchilar sifati indeksini hisoblash metodikasi tasdiqlandi. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari qanchalik tez va qanday sharoitda ishga joylashishi bo‘yicha baholanadi. Eng yaxshi 20 ta OTMning karyera markazlari har yili byudjetdan 500 mln so‘mdan oladi.

Metodikani Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tasdiqlagan, Adliya vazirligi uni 2026-yil 31-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazgan. OTMlarni indeks bo‘yicha baholash to‘g‘risidagi nizomni Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 29-sentabrda ma’qullagan.

To‘rtta ko‘rsatkich

  • ishga joylashish tezligi;
  • bandlik barqarorligi;
  • o‘rtacha oylik ish haqi;
  • bandlik toifasi.

Hisobot davri — 1-iyuldan keyingi yilning 30-iyunigacha.

Ballar qanday hisoblanadi

  • bitirgandan keyingi birinchi oyda ishga joylashish uchun koeffitsient 4, uch oy ichida — 3, olti oy ichida — 2;
  • bandlik toifasi bo‘yicha koeffitsient 2 — kompaniyalar xodimlari, yuridik shaxs asoschilari, ta’lim sohasi xodimlari, 90 kundan ortiq xorijda bo‘lgan bitiruvchilar va ijtimoiy reyestrdagi shaxslar uchun; 1,5 — yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun;
  • o‘zini o‘zi band qilganlar, fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotganlar va ikki yoshgacha bolaga qarayotgan ota-onalarga alohida koeffitsient berilmaydi;
  • kamida olti oy uzluksiz ishlash barqaror bandlik hisoblanadi, 10 ish kunigacha tanaffuslarga yo‘l qo‘yiladi;
  • daromad eng yaxshi natija ko‘rsatgan OTM bilan solishtiriladi.

Amalda bu nimani anglatadi. OTMlar bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash natijalari uchun javob beradi va karyera markazlarini rivojlantirishi kerak. Abituriyentlar va ota-onalar uchun indeks OTM tanlashda qo‘shimcha yo‘l-yo‘riq bo‘ladi. Dastlabki natijalar 1-iyuldan 30-iyungacha bo‘lgan hisobot davri bo‘yicha chiqariladi.

Foto: Solijon Solayev, Wikimedia Commons (CC BY-SA 4.0)

Boshqa yangiliklar
Yurist bilan maslahat uchun ariza qoldiring
Mutaxassisimiz siz bilan tez orada bogʻlanadi.