Prezident yaylovlardan foydalanishning yangi qoidalarini tasdiqladi. Yaylov me’yorlari hududlar kesimida belgilanadi va bir bosh chorva moliga beshta gektardan oshmaydi, yaylovlar uch toifaga bo‘linadi, 2028-yildan esa yaylovlarni sug‘urtalash joriy etiladi.
PQ-374-son qaror 2026-yil 14-oktabrda imzolangan bo‘lib, yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan. Ayrim qoidalar 2026-yil 1-noyabrdan, boshqalari 2027-yil 1-yanvardan va 2028-yil 1-yanvardan amal qiladi.
Me’yorlar va yaylov toifalari
- 2027-yil 1-yanvardan Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hududlar kesimida bir bosh yirik va mayda shoxli mol uchun to‘g‘ri keladigan maydon me’yorini — besh gektardan oshmagan miqdorda — tasdiqlaydi;
- geobotanik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra yaylovlar “yashil” (me’yorga rioya qilingan holda o‘tlatish mumkin), “sariq” (majburiy almashlab o‘tlatish) va “qizil” (kamida 3 yil muddatga o‘tlatishga moratoriy) toifalarga ajratiladi.
Nazorat va sud
2027-yil 1-yanvardan chorva soni me’yorga mos kelmaydigan yoki o‘tlatish qoidalarini qo‘pol buzgan ijarachilar bilan ijara shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha ijaraga beruvchining da’volari “E-yaylov” elektron platformasida avtomatik shakllantiriladi. Ular Oliy sudning axborot tizimlari bilan integratsiya orqali sudga yuboriladi.
Chorvadorlar va aholi nimaga ega bo‘ladi
- 2028-yil 1-yanvardan yong‘in va boshqa tabiiy xavflar natijasida yaylov mahsuldorligining pasayishidan sug‘urta joriy etiladi: sug‘urta mukofotining 50 foizini foydalanuvchi, 50 foizini Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi to‘laydi;
- jamoat yaylovlari mahalla fuqarolar yig‘inlariga 49 yil muddatga bepul ijaraga beriladi, soliq solishning nol stavkasi qo‘llanadi, fuqarolar chorvani bepul boqadi, alohida shaxslarga biriktirish, subijara va bo‘lish esa taqiqlanadi;
- 2026-yil 1-noyabrdan yaylovlarda tik quduqlarni faqat Agentlik tasdiqlaydigan eng maqbul joylashuv xaritasi asosida qazishga ruxsat etiladi;
- budjet hisobidan qurilgan quduqlar chorvachilik subyektlariga jamoaviy foydalanish sharti bilan beg‘araz foydalanishga beriladi.
Amalda bu nimani anglatadi. Yaylov ijarachilari 2027-yil 1-yanvargacha o‘z chorva sonini hududdagi kelgusi me’yor bilan solishtirib ko‘rishi lozim: mos kelmasa, ijarani bekor qilish haqidagi da’vo avtomatik shakllantiriladi. Quduq qazishni rejalashtirganlar eng maqbul joylashuv xaritasini inobatga olishi kerak — u 2026-yil 1-noyabrdan majburiy.
Foto: Ziegler175, Wikimedia Commons (CC BY-SA 4.0)